Assalomu alaykum hurmatli saytimiz foydalanuvchilari. Bugun sizga baxtli oila qurishingiz uchun bir nechta foydali maslahatlarni aytib o‘tmoqchimiz. Ushbu maslahatlar sizga biroz bo‘lsa ham foydasi tegadi degan umiddamiz. Xo‘p, unda boshladik.
1. Turmush o‘rtog‘ingiz uyga kelganida “Xush kelibsiz” deb, tabassum ila qarshi oling.
2. Ishdan kelganida unga ko‘proq e’tibor qarating, kuni qanday o‘tganligi haqida so‘rang.
3. Muvaffaqiyatga erishganida yoki ishi o‘ngidan kelmaganda “men” va “sen” so‘zlari o‘rniga “biz” so‘zini qo‘llang. Turmushda “menlik”ning “bizlik”ka aylanishi bir-biringiz uchun yashayotganingizning belgisidir.
4. Qanchalik haq bo‘lsangiz ham, tortishishga urinmang. Tortishish er-xotin o‘rtasidagi muhabbatni so‘ndiradi. Bunday holatda sukut saqlang. Bir oz vaqt o‘tgach, xotirjamlik bilan to‘g‘ri tushuntirsangiz, u sizni albatta tushunadi.
5. Turmush o‘rtog‘ingizni boshqalar oldida, ayniqsa, yaqinlari oldida pastga urmang. Aksincha, ular oldida unga ko‘proq hurmat ko‘rsating.
6. Turmush o‘rtog‘ingizga boshqa erkaklarning yutug‘ini gapirib o‘tirmang. Bilingki, har kimning o‘z yutug‘i va kamchiliklari bo‘ladi.
7. Yaqinlaringiz turmush o‘rtog‘ingizga qandaydir yordam ko‘rsatgan bo‘lsalar, buni aslo uning yuziga solmang, minnat qilmang.
8. Uning ota-onasini, qarindoshlarini hurmat qiling, ularning kamchiliklarini aytib yurmang. Uyingizga taklif qilib, mehmon qiling va duolarini oling.
9. Do‘stlari, yaqinlari bilan ko‘rishib turishiga to‘sqinlik qilmang, hadeb qistovga olib uni siqmang.
10. Turmush o‘rtog‘ingiz va uning oila a’zolariga qilgan xizmatingizni aytib, minnat qilmang.
11. O‘zingiz ishlab topgan pulni faqat o‘zingizga sarflamang. Turmushni ham moddiy, ham ma’naviy birdamlik go‘zallashtiradi.
12. Istaklaringiz inobatga olinishi uchun unga buyruq bermang. Yaxshisi, iltimos qiling.
13. Oilangizda moddiy tanqislik sezilayotgan bo‘lsa, buni aytib uni ranjitmang. Bu kabi muammolarni birgalikda hal qilishga harakat qiling.
14. Turmush o‘rtog‘ingizga chiroyli ko‘rinish uchun o‘zingizga oro bering. Ishdan kelishidan avval yoki uyda ekanligida chiroyli va orasta kiyining.
15. Kayfiyatsiz, jahldor yoki xo‘mrayib yurmang. Doim tabassum ila yurishga va go‘zal xulqli bo‘lishga harakat qiling.
16. Turmush o‘rtog‘ingiz uyga kelganida barcha ishlaringizni bir ozga chetga surib, u bilan o‘tirib suhbat quring.
17. U uyda bo‘lmaganida uni sog‘inganingizni, kelganidan quvonganingizni va kelishini sabrsizlik bilan kutganingizni ayting.
18. Nimalarni yoqtirib-yoqtirmasligini bilib, ko‘ngliga yoqadigan ishlarni ko‘p-ko‘p qilib turing.
19. Biror bir xato ish qilganida, “Sizga aytgandim-ku” deb aql o‘rgatmang. Uning ham vaziyatini tushunishga harakat qiling.
20. Sizni bexosdan ranjitib qo‘ysa, undan xafa bo‘lib uzoq vaqt arazlab yurmang.
21. Biron bir iltimosingizni o‘z vaqtida bajarmasa, “Mayli, hechqisi yo‘q. Bu safar bo‘lmasa, keyingi safar”, deb qo‘ying. Keyingi gal ham unutsa, sabr va xotirjamlik bilan yana bir bor eslatib qo‘ying.
22. Turmush o‘rtog‘ingizni xafa qilgan yoki ko‘nglini og‘ritgan bo‘lsangiz, uzr so‘rang va ko‘proq mehr ko‘rsating.
23. Xato qilib uzr so‘raganida darhol qabul qiling.
24. Uydan chiqayotganida tabassum ila xayrlashing.
25. Ayol turmush o‘rtog‘idan muhabbat kutgani kabi o‘zi ham unga muhabbat ko‘rsatishi va doim buni bildirib turishni unutmasligi darkor.
Все материалы (фото, видео, аудио, тексты) представленные на сайте предназначены только для предварительного ознакомительного просмотра / прослушивания / чтения.
Хостинг от uCoz
© 2015-2017 «Majnun.uz»